
Nissan kompaniyasi Nissan Teana modelini 21-noyabr kuni Guanchjoudagi avtosalonda ommaga taqdim etadi. Bu haqda Autohome ma’lum qildi.
Model to‘liq benzinli bo‘lishiga qaramay, Huawei’ning ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlangan ilk sedan hisoblanadi.

Teana’da Huawei HarmonySpace 5 axborot-ko‘ngilochar platformasi va Huawei’ning avtonom boshqaruv tizimi integratsiyalangan. Ilgari bu asosan elektromobil va gibridlarda uchrar edi. Media-ekranning diagonali 15,6 dyuym, asboblar paneli esa 10,25 dyuymli raqamli displey orqali ko‘rsatiladi. Audio tizim sifatida Huawei Sound bilan jihozlangan 17 ta dinamik mavjud.
Tashqi ko‘rinishi sezilarli yangilangan — xrom elementlar ko‘paytirilgan va orqa logotip yoritilgan. Avtomobil o‘lchamlari: 4920 × 1850 × 1447 mm, g‘ildiraklar oralig‘i (wheelbase) — 2825 mm.
Kapot ostida 2,0 litrli VC-Turbo motor joylashgan bo‘lib, uning quvvati 243 ot kuchini tashkil etadi. Dvigatel variator (CVT) bilan juftlangan va u 8 pog‘ona imitatoriga ega. Yangi Teana yuqori darajadagi multimediali funksiyalar, qulay salon va kuchli audio bilan oilaviy hamda biznes sinfiga mos avtomobil sifatida taqdim etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi gibrid sedan Nissan N6 taqdim etilgan edi.

