Avto

2026 Geely Starship 7 qanday imkoniyatlar bilan taqdim etiladi

Model Starry EM-i nomi bilan xalqaro bozorda ham sotiladi
Foto: Geely

Geely 2026-yilgi Galaxy Starship 7 EM-i modelini 19-noyabr kuni Xitoyda taqdim etadi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model Starry EM-i nomi bilan xalqaro bozorda ham sotiladi.

Model kompakt PHEV SUV bo‘lib, asosiy yangilik — barcha rusumlarda elektrda yurish masofasining oshirilganidir. Narxlar hozircha 97 800–130 800 yuan, ya’ni $13,4–17,9 ming atrofida.

2026-yilda bazaviy rusumning elektr yurish masofasi 55 km dan 130 km ga oshirilgan. Keyingi variant 135 km yuradi. Eng yuqori rusum esa 200 km masofani bosadi. Gibrid tizimda 1,5 litrli atmosferali dvigatel saqlangan. Uning quvvati 82 kVt. Elektr motor esa 160 kVt dan 175 kVt gacha kuchaytirildi.

Yordamchi haydash tizimlari ham yangilangan. «H3» tizimi yuqori tezlikda boshqaruvga yordam beradi. Avtomatik park qilish funksiyasi qo‘shilgan. Oynalarda yordamchi tizim faol ekanini ko‘rsatadigan ko‘k indikator paydo bo‘lgan.

Salon 15,4 dyuymli katta sensorli ekran bilan yangilandi. Flyme Auto tizimi avvalgidek telefon va bulut xizmatlarini avtomobil bilan bog‘laydi. 16 karnayli FlymeSound audiosi, massajli va ventilyasiyali o‘rindiqlar, isitiladigan rul, HUD, SPA o‘rindiqlar va yon xavfsizlik yostiqchalari saqlangan.

Foto: Carcoops

O‘lchamlar o‘zgarishsiz: uzunlik 4740 mm, kenglik 1905 mm, balandlik 1685 mm, g‘ildiraklar bazasi 2755 mm. Tashqi ranglar orasida Spring Dawn Green, Autumn Moon Silver, First Snow White, Misty Grey, Ink Shadow Black va Sky Blue bor.

2026-yilgi Starship 7 EM-i 11-in-1 elektromexanik blokka ega EM-i tizimidan foydalanadi. Termal samaradorlik 46,5 foiz. Dinamika ham oldingi avloddan saqlangan: 0–100 km/soat tezlanish 7,5 soniya, to‘liq zaryadsiz rejimda 3,75 l/100 km yonilg‘i sarfi va umumiy masofa 1420 km.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely’ning 9 ming dollarlik elektromobili o‘z-o‘zidan yonib ketgani haqida yozgan edi.