Bangladeshning sobiq bosh vaziri Sheyx Hasina o‘lim jazosiga hukm qilindi

eʼlon qilindi
Talabalar namoyishlarini zo‘ravonlik bilan bostirishda aybdor deb topildi
Foto: Reuters

Bangladeshda hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq bosh vazir Sheyx Hasina o‘tgan yili talabalar namoyishlarini zo‘ravonlik bilan bostirishda aybdor deb topildi va xalqaro jinoyatlar tribunali (Bangladeshning ichki sudi) uch nafar sudyasi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Sud hukmi va ayblovlar

Sudning aytishicha, Hasina namoyishchilarni o‘ldirishga buyruq berish, zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish va huquq-tartibot organlari tomonidan amalga oshirilgan yuzlab noqonuniy qotilliklarni to‘xtatmaslik orqali insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan. Hukm o‘qilganda sud zalida yig‘ilganlar olqish bilan qarshi olgan.

Sudyalar uning partiya faollariga namoyishchilarni yo‘q qilish haqida ochiq buyruqlar bergani yaqqol isbotlanganini qayd etdi.

Talabalar tomonidan ish o‘rinlari kvotalari bo‘yicha boshlangan tinch noroziliklar 2024-yilda yirik siyosiy qo‘zg‘olonga aylangan edi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, hukumatning kuch bilan bostirish operatsiyasi chog‘ida 1,4 ming nafargacha odam halok bo‘lgan, 25 ming kishi jarohat olgan bo‘lishi mumkin.

Hasinaga qarshi besh moddada ayblov qo‘yilgan:
— namoyishchilarni o‘ldirishga da’vat;
— namoyishchilarga nisbatan qatl buyruqlari;
— dronlar, vertolyotlar va o‘qotar qurollardan foydalanishga ruxsat berish.

U barcha ayblovlarni rad etgan.

Siyosiy oqibatlar

O‘tgan yilgi noroziliklar uning hokimiyatdan ag‘darilishiga sabab bo‘ldi. Hozirda u Hindistonning Yangi Dehli shahrida siyosiy boshpanada yashamoqda.

Bangladeshdagi muvaqqat hukumat uni ekstraditsiya qilishni so‘ragan, ammo Hindiston bu masalada hozircha sukut saqlamoqda. Hasina sudga kelmagan, uning advokatlari esa jarayonni adolatli sud huquqining buzilishi deb atab, BMTga shikoyat qilgan.

Vahima va keskinlik

Hukm e’lon qilinishidan oldin Dakka shahrida portlovchi moddalar uloqtirilgani, xavfsizlik kuchlari sud binosi atrofini zirhli mashinalar bilan o‘rab olgani xabar qilindi. Politsiya va maxsus bo‘linmalar hukumat binolari oldiga joylashtirilgan.

Hasinaning o‘g‘li Reuters agentligiga bergan intervyusida agar partiyaga qo‘yilgan taqiq olib tashlanmasa, kelasi yilgi saylovlarni to‘sib qo‘yishlarini, noroziliklar kuchayishi va zo‘ravonlikka aylanishi mumkinligini aytgan.

Hasinaning siyosiy merosi

Sheyx Hasina – Bangladesh asoschisi Mujibur Rahmonning qizi. Uning otasi va oila a’zolari 1975-yilgi harbiy to‘ntarishda o‘ldirilgach, Hasina uzoq yillar surgunda yashagan. 1981-yilda vatanga qaytib, Avami Lig partiyasiga rahbarlik qilgan. U ilk bor 1996-yilda bosh vazir bo‘lgan.

Hasina boshqaruvi davrida Bangladesh iqtisodiy o‘sishga erishgan bo‘lsa-da, uning hukumati ustidan avtoritar boshqaruv, senzura, muxolifatni ta’qib qilish, inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha ko‘plab tanqidlar bo‘lgan. Xususan, kiberxavfsizlik qonuni jurnalistlar va huquq faollarini hibsga olishda keng qo‘llangani aytiladi.

Mamlakat oldidagi sinov

Muvaqqat hukumat, Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus rahbarligida, bu sud jarayonlari demokratiyani tiklash va javobgarlikni ta’minlash uchun zarur deb hisoblaydi. Hasina tarafdorlari esa bu ishni siyosiy qasos va uni siyosatdan butunlay chetlatish harakati deb atamoqda. Bangladeshda 2026-yilgi saylovlar oldidan siyosiy vaziyat yanada keskinlashishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bangladeshda kiyim-kechak fabrikasida chiqqan yong‘in 16 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek