Banklar va moliya

Fond bozori: qaysi aksiyalar qimmatlashib, qaysilari arzonlashdi

7-noyabrdan 14-noyabrgacha bo‘lgan davrda
Aksiyalar
Fond bozori: 15 ta tashkilot aksiyasi qimmatlashdi / Foto: MTrading

«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 7-noyabrdan 14-noyabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,67 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 4,91 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qizilqumsement» (+4,84%) va «Biokimyo» (+4,65%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «O‘zbektelekom» aksiyalari 9,66 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Dori-Darmon» (-6,37%) va «Aloqabank» (-4,65%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Chilonzor buyum savdo kompleksi» va «Ipoteka-bank» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Aloqabank» (614 ta bitim), «Qizilqumsement» (490 ta) va «Hamkorbank» (438 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zRTXB» (1,12 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «Hamkorbank» (514,12 mln so‘m) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (74,90 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 15 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, 12 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 17,48 mlrd so‘m bo‘ldi.

O‘tgan haftada «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da UCI fond indeksi UCI fond indeksi 4,28 foizga tushgani haqida xabar berilgandi.

Ushbu davr mobaynida «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,96 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbektelekom» (+5,80%) va «Uzbekinvest» (+5,28%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.