Avto

Haval H6L 18-noyabr kuni taqdim etiladi

Yangi H6L ko‘rinishi bo‘yicha Xiaolong MAX krossoveriga juda o‘xshaydi
Haval
Haval H6L avtomobili / Foto: Autohome

Haval kompaniyasi tomonidan 18-noyabr kuni yangi Haval H6L avtomobili taqdim etiladi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.

Model benzinda harakatlanadi va 2,0 litrli turbomotor bilan jihozlanadi. Unga 9 pog‘onali DCT robot uzatmalar qutisi ulanadi.

Foto: Autohome

Yangi H6L ko‘rinishi bo‘yicha Xiaolong MAX krossoveriga juda o‘xshaydi. Mashinaning uzunligi 4800 mm, kengligi 1895 mm, balandligi 1730 mm. G‘ildirak bazasi 2810 mm bo‘lib, bu modelni tarixdagi eng uzun Haval H6ga aylantiradi. H6L hozirgi avlod H6dan 97 mm uzun, g‘ildirak bazasi esa 72 mm kattaroq.

Salonida 14,6 dyuymli mediaekran, proyeksion displey, Coffee OS 3 tizimi, ventilyatsiya va isitish funksiyali old o‘rindiqlar mavjud. Shuningdek, massaj funksiyasi va ikkinchi qatorda orqa o‘rindiq suyanchig‘ini burchak bo‘yicha sozlash imkoniyati bor. Coffee OS 3 platformasi avval Tank 500 va Tank 400 modellari uchun taqdim etilgan edi.

Foto: Autohome

2,0 litrli turbomotor 238 ot kuchi ishlab chiqaradi. Mashina 0 dan 100 km/soatgacha 7,2 soniyada tezlanadi, yoqilg‘i sarfi esa 7,4 l/100 km. Kelajakda 1,5 litrli turbomotorli versiyasi ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Haval H6L avtomobilining imkoniyatlari haqida yozgan edi.