Foydalanilgan Santa Fe avtomobili egalari nuqsonli dvigatel yuzasidan shikoyat qilmoqda

17-noyabr 2025 10:35 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Hyundai Santa Fe
Foto: Hyundai

Hyundai Santa Fe SE 2018 avtomobili egalari ishlab chiqaruvchiga qarshi jamoaviy da’vo kiritdi. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.

Ular mashinaga o‘rnatilgan 3,3 litrli Lambda II GDI V6 dvigateli nuqsonli ekanini aytmoqda. Bu motor ilgari bir nechta Kia modellari bilan bog‘liq muammolar sabab AQSh yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ham o‘rganilgan.

Da’voni boshlagan Jeyson va Ellison Berns 2019-yilda 17 350 mil yurilgan Santa Feni sotib olgan. Mashina 2024-yil aprelida 79 966 milga yetganda to‘satdan to‘xtagan va quvvatini yo‘qotgan. Tekshiruv natijasida dvigatel blokida teshik paydo bo‘lgani, uning ichida shatun uzilgani aniqlangan.

2024-yilda Hyundai 2014 – 2019-yilgi Santa Fe modellari uchun kafolatni 15 yil yoki 150 ming milgacha uzaytirgan edi. Ammo Bernslar kengaytirilgan kafolat haqida 2024-yil yanvarida bilganini aytmoqda. Ularning avtomobili esa diler tomonidan bepul ta’mirlanmagan.

Bir necha oy davom etgan yozishmalardan so‘ng ular nosoz mashinani arzon narxda dilerga qaytarishga va taxminan $30 mingga yangi avtomobil sotib olishga majbur bo‘lgan.

Da’voda Hyundai 3,3 litrli motor muammolaridan yillar davomida xabardor bo‘lgani aytiladi. Boshqa avtoegalarda ham motor to‘liq ishdan chiqqan holatlar bo‘lgan. Bernslar kompaniyani insofsizlik va firibgarlikda ayblamoqda. Ular yetkazilgan zararlarni qoplash va barcha muammoli dvigatellarni chaqirib olish bo‘yicha sud qarori chiqarilishini talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai va GM yangi avtomobil ishlab chiqarishi haqida yozgan edi.

Shuningdek