Jizzaxda Rancho Tour nomli yangi turistik maskan ishga tushirildi

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yangi Rancho Tour turistik kompleksi foydalanishga topshirildi. Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, hududda yil davomida katta qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, turistik maskanga olib boruvchi yo‘llar asfaltlandi, 131 gektar bo‘sh yotgan lalmi va tog‘ adirlik yerlari ko‘kalamzorlashtirildi. Shuningdek, 50 gektar maydonda 30 dan ortiq turdagi mevali va manzarali bog‘lar barpo etildi.




Shuningdek, majmuadagi bir gektar hudud baliq ovlash uchun ajratilgan. Hayvonot bog‘i, to‘rt bosqichli ziplayn, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ekstremal sport uchun qoyatosh yo‘laklari va Jizzax manzarasini yuqoridan tomosha qilish imkonini beruvchi havo shari ham mavjud. Mehmonlar uchun 2,5 km masofada kvadrosiklda sayohat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Avvalroq O‘zbekistonga turistlar oqimi ikki barobarga o‘sgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston 8,6 mln.dan ortiq xorijiy sayyohni qabul qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 112,5 foizga ko‘p.