
Bugun kechga Kursiv Uzbekistan ijtimoiy tarmoqlarning qanday ishlashi va ularning jamiyat, fikr va xulq-atvorga ta’siri haqida ogohlantiradigan «The Social Dilemma» filmini tavsiya qiladi.
U 2020-yilda Jeff Orlovski tomonidan suratga olingan hujjatli asar bo‘lib, oddiy intervyulardan tashqari, algoritmlar va keskin dramatik sahnalar bilan ham boyitilgan. Bu orqali texnologik mexanizmlarning inson ongiga qanday ta’sir o‘tkazishi ko‘rsatiladi.
Hujjatli asarda soha ichidan chiqqan ekspertlar — sobiq texnologiya xodimlari, dizaynerlar va tadbirkorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Ular platformalarning foydalanuvchi e’tiborini saqlab qolish uchun qanday psixologik usullar va shaxsiy ma’lumotlardan foydalanganini, shuningdek, reklama va reyting tizimlari orqali qanday manipulyatsiyalar amalga oshirilishini tushuntiradi.
Syujet asosida ko‘plab real voqea va hodisalar tilga olinadi: informatsion intoksikatsiya, radikalizatsiya, siyosiy polarizatsiya va yoshlar orasida psixologik muammolarning ortishi kabi masalalar qamrab olinadi. Shuni ta’kidlash lozimki, film texnologiya kompaniyalarining amaliyotlarini tanqid qiladi, ammo bu muammolar murakkab ekanini va ularni hal qilish uchun texnik, huquqiy va ijtimoiy choralar talab etilishini ham ko‘rsatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Bitconned» filmi haqida ma’lumot bergandi.