Ko‘ksaroyda Serdar Berdimuhamedovga «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi

Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti – «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev bu mukofot Turkmaniston rahbarining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasiga bo‘lgan yuksak hurmat ekanini aytdi.
«Siz otangiz, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Mamlakatingizda xalq farovonligini ta’minlash uchun ishonchli poydevor yaratayotgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda», – dedi davlatimiz rahbari.
O‘z navbatida, Turkmaniston rahbari mukofot uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishini ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston «Shovot-Toshhovuz» qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirgani xabar qilingandi. Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlari uchun zarur barcha ma’muriy binolar, savdo pavilyoni va omborlar joylashtirilgan.