
Noqonuniy oltin savdosiga chek qo‘yildi, Sibir suvini O‘zbekistonga yo‘naltirish g‘oyasi yana ko‘tarildi — 17-noyabrning eng muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Kattaqo‘rg‘onda noqonuniy oltin savdosiga chek qo‘yildi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida noqonuniy oltin savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Navoiy va Samarqand viloyatlarida yashovchi 1982, 1984 va 1996-yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaro 472 grammli, 994 asillikdagi oltin quymalarni 737 mln so‘mga sotishga kelishib, xaridordan 500 mln so‘m olayotganida ushlandi. Oltinning umumiy qiymati 740,4 mln so‘m deb baholangan.
Tim Kuk 2026-yilda Apple bosh direktori lavozimidan ketishi mumkin — OAV

Apple bosh direktori Tim Kuk 2026-yilda kompaniya boshqaruvidan ketishi mumkin. Bu haqda Financial Times ma’lum qildi.
Nashrning ta’kidlashicha, uning o‘rniga asosiy nomzod sifatida apparat ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezident Jon Ternus ko‘rilmoqda. Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Yangi Apple boshlig‘i nomi ehtimoliy yanvar oyidagi moliyaviy hisobotdan so‘ng e’lon qilinadi.
Sibir suvini O‘zbekistonga yo‘naltirish g‘oyasi yana ko‘tarildi

Sibir daryosining ortiqcha suv oqimini O‘zbekiston va Qozog‘istonga yo‘naltirish masalasi yana muhokamalar markazida qayta ko‘tarildi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti direktori Viktor Danilov-Danilyan ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bu tashabbus «Quruqlik suv resurslari» bo‘yicha ilmiy kengashning oktabr oyidagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Loyiha doirasida Rossiya suv xo‘jaligining strategik rivojlanishi, suv tanqisligi va mavjud suv resurslarini qayta taqsimlash imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
O‘zbekistonlik haydovchilar Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda — maosh 2200 yevro
Migratsiya agentligi Germaniyaning SBH West GmbH tashkiloti bilan hamkorlikda avtobus va og‘ir yuk avtomobillari haydovchilari uchun keng ko‘lamli ish va malaka oshirish dasturini e’lon qildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Dastur doirasida 300 nafar nomzod Germaniya bo‘ylab faoliyat yuritadigan transport kompaniyalarida ishga jalb etiladi.
2026-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar firma nomiga ega bo‘lishiga ruxsat beriladi
2026-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomidan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritishni sezilarli darajada yengillashtirishni maqsad qilgan yangi prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etiladi.
Tramp Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlarga qarshi sanksiyalarni qo‘llash g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressda tayyorlanayotgan yangi sanksiya qonun loyihasini ma’qullashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda «RIA Novosti» nashri ma’lum qildi.
Ushbu hujjat Rossiya bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan davlatlarga nisbatan keskin iqtisodiy choralar qo‘llashni nazarda tutadi.
Toshkentda havo sifati yana yomonlashdi

Toshkent shahrida havo ifloslanish darajasi yana yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabar berdi.
Toshkent shahrida soat 09:00 dagi avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotiga ko‘ra, PM2.5 zarrachalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan sezilarli darajada oshgan.
Samarqandda Damas va Onix to‘qnashishi oqibatida bir kishi vafot etdi

Samarqandda Damas va Onix to‘qnashishi oqibatida bir kishi vafot etdi. Bu haqda viloyat YXHB xabar bermoqda.
2025-yil 15-noyabr kuni soat 14:05 larda Samarqand shahar Al-Xorazmiy nomidagi mahallada YTH sodir bo‘ldi. Hodisa Nodirabegim va Cho‘lpon ko‘chalari kesishmasida qayd etildi.
AQSh Venesuela kartelini terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritadi

AQSh Davlat departamenti «Kartel de los Soles» guruhini xorijiy terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishini ma’lum qildi. Bu haqda CNN nashri xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, guruhga Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va bir qator yuqori martabali amaldorlar rahbarlik qiladi. AQSh Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, «Kartel de los Soles», «Tren de Aragua» va «Sinaloa» kartellari butun qit’a bo‘ylab terroristik harakatlar hamda AQSh va Yevropaga noqonuniy narkotrafik uchun javobgar.
Apple 634 mln dollar jarima to‘laydi

Kaliforniya federal sudi Apple Masimo kompaniyasiga $634 mln kompensatsiya to‘lashini belgiladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple Watch’dagi mashg‘ulot rejimi va yurak urishi bo‘yicha ogohlantirish funksiyalari Masimo patentini buzgan. Apple esa qarorga e’tiroz bildirib, apellyatsiya berishini ma’lum qildi.