
Tesla asoschisi Ilon Mask odamsimon Optimus robotlari kelajakda qashshoqlikni butkul yo‘q qilishga qodir bo‘lishi haqida fikr bildirdi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Maskning ta’kidlashicha, robotlar keng joriy etilgach jamiyatda har bir inson uchun yuqori daromad va barqaror farovonlik yaratish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Optimus robotlari global iqtisodiyotga inqilobiy o‘zgarishlar olib kirishini aytdi. Unga ko‘ra, texnologiyaning rivoji ishlab chiqarishdan uy xo‘jaliklarigacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlarni avtomatlashtirib, inson mehnatiga bo‘lgan ehtiyojni keskin kamaytiradi.
Optimus loyihasi Tesla tomonidan ishlab chiqilayotgan eng yirik tashabbuslardan biri sanaladi. Birinchi prototip 2022-yil kuzida taqdim etilgan bo‘lsa, 2023-yilda yangilangan Optimus Gen 2 namoyish qilingandi. Mask robotning navbatdagi versiyasi 2026-yilning birinchi choragida taqdim etilishini ma’lum qildi.
Tesla Optimusni arzon va keng ommaga mo‘ljallangan robot sifatida ko‘rmoqda. Maskning aytishicha, uzoq muddatda bunday robotlarning narxi smartfondan ham past bo‘lishi mumkin. Kompaniya robotlarni kundalik yumushlar, ishlab chiqarish jarayonlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida odam o‘rnini bosadigan universal yordamchi sifatida tasavvur qilmoqda.
Texnologiya sohasi ekspertlari esa Maskning bu prognozlarini dadil deb baholamoqda. Ammo odam mehnatini avtomatlashtirish hajmining tobora ortib borayotgani Optimus kabi robotlarning bir kun jamiyatda muhim rol o‘ynashi ehtimolini kuchaytirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy gumanoid robotlarni ommaviy tarzda korxonalarga yetkazgani haqida yozgandi.