
O‘zbekiston va Turkmaniston davlat rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari huzurida quyidagi ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi:
- O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma;
- Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim;
- Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;
- Xalqaro avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;
- Adliya vazirliklari o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- Madaniyat sohasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- Neft mahsulotlari va suyuq kimyoviy yuklarni tashish uchun temir yo‘l vagonlarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
- Biologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;
- O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Turkmaniston ekspertlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi memorandum;
- O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
- O‘rmon xo‘jaligi sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;
- Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan Lebap viloyati hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi bilan Axal viloyati hokimligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan Toshhovuz viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar.
Avvalroq Ko‘ksaroy qarorgohida Serdar Berdimuhamedovga «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirilgani xabar qilingandi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev bu mukofot Turkmaniston rahbarining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasiga bo‘lgan yuksak hurmat ekanini aytdi.