
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov «Shovot-Toshhovuz» qo‘shma chegaraoldi savdo zonasining ochish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlari uchun zarur barcha ma’muriy binolar, savdo pavilyoni va omborlar joylashtirilgan. Bu yerda davlat xizmatlari «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatiladi. Shuningdek, interfaol tizimlar, bank va tibbiyot xizmatlari, mehmonxona uchun infratuzilma hamda katta avtoturargoh tashkil etilgan.
Umuman olganda, zona umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod bo‘lgan ikkita muhim hudud — Xorazm va Toshhovuz viloyatlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Davlatlar o‘rtasidagi savdo hajmi $2 milliardga yetkaziladi

Davlat rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichini kelgusida $2 milliardga yetkazish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda«Shovot-Toshhovuz» chegaraoldi savdo zonasidagi tajribani birinchi navbatda, «Olot-Farab» hududida qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Energetika sohasida esa istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishildi.
Toshkent va Ashxobod o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta tiklanadi

Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va Toshkent hamda Ashxobod o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Erishilgan bitimlar o‘z vaqtida bajarilishi uchun yil oxirigacha Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkaziladi. Madaniy va gumanitar sohada konsertlar va teatrlarning ijodiy safarlarini davom ettirish, Xivada Yoshlar forumini tashkil etish va birgalikda filmlar yaratish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasida esa o‘zaro tajriba almashish kuchaytiriladi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari mas’ullarga barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishni topshirdi.
Avvalroq Mirziyoyev va Berdimuhamedov Xivada uchinchi Hududlar forumini o‘tkazishga kelishib olgani xabar qilingandi.