O‘zbekistonlik haydovchilar Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda — maosh 2200 yevro

Migratsiya agentligi Germaniyaning SBH West GmbH tashkiloti bilan hamkorlikda avtobus va og‘ir yuk avtomobillari haydovchilari uchun keng ko‘lamli ish va malaka oshirish dasturini e’lon qildi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Dastur doirasida 300 nafar nomzod Germaniya bo‘ylab faoliyat yuritadigan transport kompaniyalarida ishga jalb etiladi.
Loyiha 21 – 44 yoshdagi, BC, CE yoki D toifali haydovchilik guvohnomasiga ega, nemis tilini «A2» yoki «B1» darajasida biladigan, sudlanmagan va sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan haydovchilar uchun mo‘ljallangan. Ish haqi oyiga 2200 yevroni tashkil etadi, haydovchilar haftasiga besh kun sakkiz soatlik ish jadvali asosida faoliyat yuritadi.
Dasturning asosiy afzalliklari orasida Germaniyaga ketishdan oldin kasbiy tayyorgarlik, viza va aviachipta xarajatlarini qoplash, shuningdek, aeroportdan ish joyigacha transfer bilan ta’minlash kiradi. Nomzodlar Germaniya standartlariga mos ravishda nazariy va amaliy o‘qituvlardan o‘tadi, avtobus simulyatorlarida mashg‘ulotlar olib boradi. Tanlab olingan avtobus haydovchilari «Vatanparvar» markazida qo‘shimcha qayta tayyorlov kurslarida qatnashadi.
Arizalar Migratsiya agentligining Xorijda ish platformasi orqali qabul qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Germaniyadagi o‘zbek restorani uchun 50 ta ish o‘rni e’lon qilingani haqida yozgandi.