Sibir suvini O‘zbekistonga yo‘naltirish g‘oyasi yana ko‘tarildi

Sibir daryosining ortiqcha suv oqimini O‘zbekiston va Qozog‘istonga yo‘naltirish masalasi yana muhokamalar markazida qayta ko‘tarildi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti direktori Viktor Danilov-Danilyan ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bu tashabbus «Quruqlik suv resurslari» bo‘yicha ilmiy kengashning oktabr oyidagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Loyiha doirasida Rossiya suv xo‘jaligining strategik rivojlanishi, suv tanqisligi va mavjud suv resurslarini qayta taqsimlash imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Mutaxassislar eng istiqbolli yo‘nalish sifatida Sibir daryosining bir qismini Orolbo‘yiga — O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi qurigan Orol dengiziga yo‘naltirishni qayd etmoqda. Shuningdek, Pechora va Severnaya Dvina daryolarining bir qismini Volga havzasi orqali Priazovye hududiga o‘tkazish taklifi ham muhokamada turibdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday loyiha Rossiya suv resurslarini qayta taqsimlashga xizmat qilishi bilan birga, suv tanqisligini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston hamda Qozog‘iston uchun amaliy yordam bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Orol bo‘yidagi hayot haqida yozgandi.