
AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressda tayyorlanayotgan yangi sanksiya qonun loyihasini ma’qullashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda «RIA Novosti» nashri ma’lum qildi.
Ushbu hujjat Rossiya bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan davlatlarga nisbatan keskin iqtisodiy choralar qo‘llashni nazarda tutadi.
Tramp jurnalistlar savollariga javob berar ekan, bu tashabbusdan xabardorligini aytib, men uchun maqbul, deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi istalgan davlat Rossiya bilan biznes qilsa, unga juda qat’iy sanksiyalar joriy etilishiga imkon beradi. Tramp, shuningdek, bu ro‘yxatga Eronni ham qo‘shish mumkinligini eslatib o‘tdi.
Ushbu tashabbus Senatdagi respublikachilar tomonidan oldinga surilmoqda. Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Jon Tyun oktabr oyida senator Lindsi Grem tomonidan ilgari surilgan loyihani ovozga qo‘yishga tayyorligini bildirgan edi, biroq aniq muddat belgilanmagandi.
Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, Tramp Rossiya energetika mahsulotlarini xarid qilayotgan va Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlamayotgan davlatlar importiga 500% gacha boj joriy etish vakolatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Shveysariyaga qo‘yilgan bojlarni 39 foizdan 15 foizgacha kamaytirishi haqida yozgandi.