
Shavkat Mirziyoyev paxtachilikda hosildorlikni oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin egallab, yiliga 467 trln so‘mlik mahsulot yaratadi va 3,5 mln kishi mehnat qiladi.
Taqdimotda past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va agronomlarni tayyorlash tizimini isloh qilish choralari belgilandi. Ustoz-shogird an’anasi orqali hosildor fermerlar past hosil olganlarga biriktirilib, mukofot tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, Agrar universiteti va boshqa oliygohlarda «dual ta’lim» mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi, talabalarga stipendiya, mutaxassislarga rag‘bat puli beriladi. Paxta navlarini yaratish uchun Genomika markazi va Paxtachilik institutida fitotron va issiqxonalar quriladi, bu esa yangi navlarni tezroq yaratishga imkon beradi.
Prezident agrodronlar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash va subsidiyalar tizimini soddalashtirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.