
Amazon AQSh dollarida birinchi obligatsiya chiqarib, $15 mlrd jalb qilmoqchi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Ushbu mablag‘ kompaniyaning sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, kapital xarajatlar va aksiyalarni qaytarib sotib olish kabi maqsadlarda ishlatiladi.
Bloomberg xabariga ko‘ra, Amazon obligatsiyasiga talab cho‘qqisida $80 mlrdni tashkil qilgan. Shu bilan birga, Meta Platforms va Oracle ham sun’iy intellekt loyihalarini moliyalashtirish uchun katta miqdorda obligatsiya chiqarishni rejalashtirmoqda.
Morgan Stanley hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik texnologik kompaniyalar joriy yil sun’iy intellekt infratuzilmasiga jami $400 mlrd sarflashini rejalashtirgan. Amazonning SI uchun kapital xarajatlari joriy yili taxminan $125 mlrdni tashkil etadi va keyingi yili yana oshishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amazon Prime obunasi sabab $2,5 milliard jarimaga tortilgan edi.