Avto

Chevrolet avtosalonlari tashqi ko‘rinish jihatdan eng chiroyli deb topildi

Pied Piper kompaniyasining 2025-yilgi Dealership Facility Consistency tadqiqotiga ko‘ra, Chevrolet yangi Look-Alike Index reytingida Honda, Toyota va Ford kabi raqiblarni ortda qoldirgan
Chevrolet avtosalonlari
Foto: GMAutority

AQShda Chevrolet avtosalonlari tashqi ko‘rinish jihatdan eng chiroyli deb topildi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.

Pied Piper kompaniyasining 2025-yilgi Dealership Facility Consistency tadqiqotiga ko‘ra, Chevrolet yangi reytingda Honda, Toyota va Ford kabi raqiblarni ortda qoldirgan.

Tadqiqot sun’iy intellekt yordamida mamlakat bo‘ylab 18 mingdan ortiq avtosalonlar tasvirlarini tahlil qildi. SI 540 mingdan ortiq suratlarda 70 dan ziyod vizual ko‘rsatkichlarni tahlil qildi. U tashqi belgilar ko‘rinishi, hudud obodonlashtirilishi va avtomobillar tartib bilan joylashtirilishi kabi omillarni baholagan.

Foto: GMAutority

Pied Piper vitse-prezidenti Kemeron O‘Xagan ta’kidlashicha, yangi indeks avtomobil brendlariga avtosalonlardagi yagona uslubning qanchalik izchil bajarilayotganini aniq baholash imkonini beradi. Tadqiqot Chevrolet salonlarining 75 foizidan ortig‘ida brend belgisi aniq ko‘rinishini, shuningdek, ko‘pchilik salonlarda avtomobillar bir xil tartibda joylashtirilganini qayd etgan.

Mutaxassislar fikricha, Chevrolet’ning yuqori natijasi ishlab chiqaruvchi va dilerlar o‘rtasida yagona vizual standartlarni saqlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasidir. Bu esa mijozlarda barcha hududlarda bir xil sifatga ega xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mustahkam tasavvur shakllantiradi. Tadqiqotda Alfa Romeo, Tesla va Lucid kabi brendlarda ko‘rinishdagi farqlar eng katta ekani ham qayd etilgan.

Shuningdek, GM joriy yilning yozida Chevrolet, Cadillac, Buick va GMC avtosalonlari uchun yangilangan dizayn konsepsiyasini taqdim etgan edi. Yangi loyiha shaffof shisha devorlar, qulay kutish zonalari, moslashuvchan reja va raqamli yechimlarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Sonic avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.