Avto

Chevrolet Gentra avtomobilining tarixi qanday

Chevrolet Gentra avtomobilining tarixi qanday
Rasm SI yordamida sayqallangan

Chevrolet Gentra avtomobili ikkilamchi bozorda hamon ommabop modellardan biri hisoblanadi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Gentra avtomobiling tarixi va rivojlanish bosqichlari haqida so‘z boradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Modelning ilk paydo bo‘lishi

Foto: Car Driver/ Detailing

Chevrolet Gentra aslida Janubiy Koreyada ishlab chiqilgan Daewoo Lacetti modelining mahalliylashtirilgan talqinidir. Daewoo kompaniyasi 2002-yilda Lacetti modelini (Pininfarina dizayni asosida) jahon bozoriga chiqargan. Ushbu sedan birinchi avlodidan boshlab o‘zining ixcham va zamonaviy ko‘rinishi bilan e’tibor qozongan.

O‘zbekistonning avtosanoat yetakchilari ushbu platformaga qiziqish bildirishgan va 2008-yilda Asaka zavodida Chevrolet Lacetti yig‘ilishi yo‘lga qo‘yildi. Oradan besh yil o‘tib, 2013-yil noyabr oyida shu modelning yangilangan varianti – Chevrolet Gentra nomi ostida seriyali ishlab chiqarish boshlandi.

Yangi modelning ishlab chiqarilishi va dastlabki xususiyatlari

Foto: OLX

2013-yilda GM Uzbekistan (hozirgi UzAuto Motors) Lacetti modelini yangicha ko‘rinishda taqdim etdi. U bozorga Chevrolet Gentra nomi bilan chiqarildi. Mazkur loyiha o‘sha paytdagi eng muhim restylinglardan biri bo‘lib, zavod mutaxassislari Lacettining tashqi dizaynini sezilarli darajada modernizatsiya qildi. Eng asosiy o‘zgarish shundan iborat ediki, avtomobil gibrid kuzovga ega bo‘ldi. Mashinaning old qismi Lacetti xetchbekidan olindi, orqa qismi esa klassik sedan shaklida qoldirildi. Ushbu modernizatsiya loyihasi korxonaga $23,4 mlnga tushgan.

Gentra modeli aynan O‘zbekiston bozoriga moslashtirilgan yangi dvigateli bilan ham ajralib turdi. Mashinaga 1,5 litrli, 4 silindrli DOHC motor o‘rnatildi. Uning quvvati 105–107 ot kuchini tashkil etdi. Dvigatel Toshkentdagi GM Powertrain zavodida ishlab chiqarilgan bo‘lib, texnik jihatdan Cobalt va Nexia-3 (T250) modellari bilan unifikatsiya qilingan — bu esa ehtiyot qismlarning arzonligi va servisda qulaylik yaratdi.

Foto: OlX

Transmissiya qismida xaridorlarga ikki xil tanlov taklif etilgan. 5 pog‘onali mexanik va 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi. Gentra shuningdek ekologik talablarga mos ravishda Euro-5 standartida ishlab chiqilgan. Rasmiy ma’lumotlarda shaharda yoqilg‘i sarfi 100 kmga 8,5–9,5 litr atrofida ekani ko‘rsatilgan.

Tashqi ko‘rinish yangilanishi sezilarli bo‘lib, old bamper, radiator panjarasi, kapot va faralar butunlay qayta ishlangan. Salon qismida ham modernizatsiya davom ettirildi: konditsioner, ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari, yangi audio tizim, o‘rindiq isitgichi kabi qulayliklar qo‘shildi. 2017-yildan boshlab avtomobillar USB va Bluetooth qo‘llovchi multimedia tizimi bilan jihozlana boshlandi.

O‘zbekistonda bozorga chiqishi va eksport yo‘nalishi

Foto: OLX

Chevrolet Gentra ilk bor 2013-yil may oyida Rossiyada namoyish etildi. Bu esa modelning asosiy eksport bozoriga qaratilganini ko‘rsatib turardi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2013-yil noyabridan boshlab Asakadagi zavodda avtomobilning ommaviy ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Dastlab GM Uzbekistan Gentra modelini asosan eksportga yo‘naltirishni rejalashtirgan: korxona yangi sedan ishlab chiqarishining 90 foizgacha qismini Rossiya va MDH davlatlariga yetkazib berishni maqsad qilgan edi. Reja amalda ham o‘z tasdig‘ini topdi — ilk partiyalar sinov tariqasida Rossiyaga yuborildi va o‘sha yilning oxiridayoq ushbu modelga katta hajmdagi buyurtmalar ishlab chiqarila boshlandi.

Rossiya bozori uchun Gentra o‘sha davrda C-klassi sedan segmentiga mo‘ljallangan edi. Bu model u yerda allaqachon tanilgan Nexia (Daewoo) va Lacetti liniyasining mantiqiy davomchisi sifatida qabul qilindi. Yangi dizayn, arzon ekspluatatsiya xarajatlari va GM Powertrain dvigatelining ishonchliligi rossiyalik xaridorlar uchun muhim ustunlik bo‘ldi.

O‘zbekiston ichki bozori uchun Gentra 2014-yildan boshlab rasmiy savdoga chiqarildi.

GM Uzbekistan zavodida Gentra uchun dastlabki ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 ming dona etib belgilangan edi. Biroq bozor talabi yuqori bo‘lgani uchun yil sayin ishlab chiqarish hajmi oshib bordi va model kompaniyaning eng muhim eksport mahsulotlaridan biriga aylandi.

«Ravon Gentra» davri va brend o‘zgarishlari

Foto: Chevrolet

2015–2016-yillarga kelib, O‘zbekiston avtosanoatida muhim brend transformatsiyasi yuz berdi. General Motorsning mintaqaviy strategiyasi o‘zgargani sababli, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet avtomobillari MDH bozorlarida yangi Ravon brendi ostida sotila boshlandi. Shu jarayonda Gentra modeli ham Ravon Gentra nomida Rossiya kabi asosiy eksport bozorlariga taklif etildi.

2016–2019-yillar davomida avtomobilning texnik xususiyatlari deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, eksport versiyalari kapotidagi Chevrolet belgisi o‘rniga Ravon logotipi bilan jihozlandi. Biroq O‘zbekiston ichki bozorida model avvalgi nomi bilan savdoda davom etdi. Bu davr GM Uzbekistan brend portfelidagi eng murakkab bosqichlardan biri bo‘lib, yangi nomning tanilishi uchun marketing kampaniyalari ham yo‘lga qo‘yilgan edi.

2019-yilda korxona to‘liq O‘zbekiston hukumatiga o‘tishi bilan kompaniya UzAuto Motors deb qayta nomlandi. Bu o‘zgarish kompaniya boshqaruvi va brend siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi.

2020-yilga kelib esa Ravon brendi butunlay tugatildi. UzAuto Motors va General Motors o‘rtasidagi yangi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar yana Chevrolet nomi ostida eksport qilinadigan bo‘ldi. Shu tariqa Gentra modeli ham xorijiy bozorlarda qayta Chevrolet brendi bilan ishlab chiqarila boshlandi. Rossiya bozorida esa model Chevrolet Lacetti nomi bilan sotildi.

Texnik afzalliklari va ommabopligining sabablari

Foto: Chevrolet

Chevrolet Gentra O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida keng ommalashgan. Bunga bir nechta asosiy omillar sabab bo‘lgan. Avvalo, modelning narx jihatidan maqbulligi uni o‘z segmentida raqobatbardosh qildi. Gentra qulaylik va sifatni arzon narxda taklif qilgani sababli keng iste’molchi qatlamiga mo‘ljallangan avtomobilga aylandi. Mutaxassislarning fikricha, Gentra amaliy va qulay avtomobil. Unda kundalik foydalanish uchun yetarli komfort, ekspluatatsiya va ta’mirlashda esa soddalik mavjud.

Model 1,5 litrli, 4 silindrli DOHC dvigatel bilan jihozlandi. Zamonaviy texnologiyalarga boy bo‘lmasa-da, uning ishonchliligi, arzon servisi va Cobalt hamda Nexia (T250) bilan unifikatsiya qilinganligi ehtiyot qismlar narxining past bo‘lishini ta’minlagan. Bu esa avtomobilning texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirgan.

Gentra’ning 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi ham o‘z sinfida yaxshi qabul qilindi. Avtomat qutining optimallashtirilgan ishlashi shahar sharoitida tejamkorlik va yumshoq harakatlanish imkonini beradi. Shassi qismida ham afzalliklar mavjud: model mustaqil (multirod) orqa osmaga ega bo‘lib, to‘liq diskli tormozlar bilan jihozlangan. Bu narx segmenti uchun juda kam uchraydigan yechimdir.

Haydovchilar Gentra’ning boshqaruvchanligini ijobiy baholashadi; har qancha qattiq osma notekis yo‘llarda biroz noqulaylik tug‘dirsa ham, umumiy dinamikasi yaxshi deb topilgan.

Ma’lumot uchun, Chevrolet Gentra 2024-yil 26-iyuldan boshlab ishlab chiqarilishdan to‘xtatilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Sonic avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.