Yangiliklar

Ermitaj 1-dekabrdan boshlab chiptalar narxini oshiradi

Kattalar uchun bazaviy tarif 700 rublga yetadi
Foto: Vikipedia

Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyi 2025-yil 1-dekabrdan boshlab kirish chiptalari narxini ko‘tarishini e’lon qildi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.

Muzey ma’muriyatining ma’lum qilishicha, kattalar uchun bazaviy tarif 700 rublga yetadi. Muzey 2026-yil 31-martgacha seshanba, juma va shanba kunlarida 17:00, 17:30 va 18:00 da o‘tkaziladigan kechki seanslarni saqlab qoladi. Bu vaqtlarda tashrif narxi 500 rubl bo‘ladi. Shuningdek, mavjud ijtimoiy imtiyozlar ham davom ettiriladi.

Yil davomida sakkiz kun muzey barcha tashrif buyuruvchilar uchun bepul bo‘ladi. Har payshanba kuni 18 yoshgacha bo‘lganlar, talaba va pensionerlar bepul kirishi mumkin. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, ko‘p farzandli oilalar esa har kuni bepul tashrif buyurish huquqiga ega.

Muzey rahbariyati chiptalar qimmatlashuvini majburiy qaror deb atadi. Ularning aytishicha, muzeyni saqlash, xavfsizlikni ta’minlash va eksponatlarni himoya qilish bo‘yicha xarajatlar keskin oshgan.

«Narxni qayta ko‘rib chiqish zaruriyati ancha oldin paydo bo‘lgan edi. Biz turistlarning eng yuqori mavsumi va kuzgi ta’til yakunlanishini kutdik. Shunga qaramay, Ermitaj imtiyozli tashriflar hajmini kengaytirishda davom etadi. Hozirda har uchinchi mehmon muzeyga bepul yoki chegirma bilan kiradi», — deyiladi muzey bayonotida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qohirada 20 yillik qurilishdan so‘ng 1 mlrd dollarlik muzey ochilgani haqida yozgandi.