Yangiliklar

Eron qurg‘oqchilik sabab bulut «ekish» amaliyotini kuchaytirmoqda

Yog‘ingarchilikning kamayishi mamlakatni 50 yildagi eng quruq kuzga olib keldi
Foto: Kurdistan24

Eron hukumati mamlakat bo‘ylab keskin suv tanqisligini yumshatish maqsadida bulut «ekish» bo‘yicha maxsus operatsiyalarni boshladi. Bu haqda NP nashri xabar berdi.

Bulut «ekish» jarayoni maxsus uskunalar bilan jihozlangan samolyotlar yordamida mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududidagi Urmiya ko‘li havzasida amalga oshirilgan. Kimyoviy moddalar bulutlarga purkalib, namlikni yomg‘irga aylantiradi. Eron bu texnologiyadan bir necha yildan beri foydalanib keladi.

Mamlakat ketma-ket beshinchi yil davom etayotgan qattiq qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda. Yog‘ingarchilik miqdori tushib ketgani bois asosiy suv omborlari qisqarib, rasmiylar suv iste’molini keskin kamaytirishga urinmoqda. Milliy bulut ekish tadqiqot markazi rahbari Muhammad Mehdi Javodiyonzoda operatsiyalar may oyining o‘rtalarigacha davom etishini ma’lum qildi.

«Mamlakatning qurg‘oqchil hududlarda joylashgani va qayta tiklanuvchi suv manbalariga ehtiyoj yuqoriligi bois, bulut ekish turli havzalarda yog‘ingarchilikni oshirishga xizmat qiladi», — deydi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eronda keskin suv tanqisligi yuzaga kelgani haqida xabar bergan edi.