
Huawei 25-noyabr kuni o‘tkaziladigan yirik taqdimot oldidan yangi avlod buklanadigan flagmani — Mate X7 bo‘yicha ilk rasmiy ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Kompaniya ushbu modelni Mate 80 smartfonlari seriyasi va boshqa qurilmalar bilan birga namoyish etadi.
Mate X7 uchun tanlangan asosiy shior — «Qanchalik ko‘p ochsang, shunchalik kuchli taassurot qoldiradi». Huawei rahbari Yu Chendun taqdimotdan avval smartfonning reklama videosini ham ulashdi. Unda qurilmaning birinchi real ko‘rinishi namoyon bo‘ldi.
Shuningdek, Mate X7 quyidagi asosiy yangilanishlarga ega bo‘ladi:
- 7,95 dyuymli 2K BOE displey, buklanadigan formatda;
- yangi avlod Kirin 9030 protsessori;
- oldingi modelga nisbatan yengilroq va yanada ingichka korpus;
- kattalashtirilgan akkumulyator;
- sezilarli darajada yaxshilangan kamera tizimi.
Shu bilan birga, Huawei taqdimot oldidan yangi stilus va FreeBuds Pro 5 Yue Zhang simsiz quloqchinlari uchun ham rasmiy tizerlar e’lon qildi. Bu aksessuarlar allaqachon Xitoyda oldindan buyurtmaga ochilgan.

Taqdimot 25-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi va unda Huawei’ning 2025–2026 yillardagi asosiy flagman yo‘nalishlari namoyish qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei Mate 80 va Mate X7 25-noyabr kuni taqdim etilishi haqida yozgandi.