
Kursiv Uzbekistan komediya janrida suratga olingan, jinoyatchilik olamini kulgili va xavfli tarzda tasvirlab bergan «Deep cover» filmini tavsiya qiladi.
Filmda improvizatsiya ustasi Ket va uning ikki shogirdi Marlon hamda Hyu kutilmaganda London politsiyasining maxfiy operatsiyasiga jalb qilinadi. Ular o‘z sahna mahoratidan foydalanib, jinoyatchilar guruhlariga «rolga kirgan holda» kirib borishga urinadi. Ammo vaziyat reja bo‘yicha ketmaydi, politsiya ichidagi chalkashliklar, tajribasiz agentlar va xavfli to‘qnashuvlar ularni murakkab sarguzashtlar girdobiga tortadi.
Film rejissyori Tom Kingsley, ssenariy mualliflari esa Kolin Trevorrow, Derek Konolli va Ben Eshenden. Asosiy rollarda Brays Dallas Hovard, Orlando Blum, Nik Mohammed, shuningdek, Shon Bin va Ian Maksheyn ishtirok etgan.
«Deep Cover» tomoshabinni bir vaqtning o‘zida kuldiradigan, hayajonga soladigan va o‘ziga tortadigan ssenariysi bilan ajralib turadi. U yengil hazil, tezkor voqealar rivoji va kriminal komediyalarga qiziqadiganlar uchun yaxshi tanlov bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Ijtimoiy dilemma» filmi haqida ma’lumot bergandi.