
Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha axborot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yilning o‘n oyi yakunida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar tomonidan jo‘natilgan pul mablag‘lari $15,8 mlrdga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2016-yilda $3,8 mlrdni tashkil qilgan.
Xorijda hozirda 140 ming malakali mutaxassisga talab bor, ammo til va kasbiy tayyorgarlik yetarli emas. Mehnat migratsiyasi xizmatlari tartibga solinmagani ortidan fuqarolar ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.
Prezident barcha jarayonlarni «yagona darcha» tamoyili asosida birlashtirishni topshirdi. Toshkentning Uchtepa tumanida «Xorijga ishga tayyorlash markazi», Termizda «Yagona migratsiya xizmatlari» markazi, Yashnobod tumanida esa nemis va yapon tillariga ixtisoslashgan maktablar ochiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Yevropaga migratsiya oqimi 4 baravar oshdi. Ko‘pgina davlatlar bilan hali hukumatlararo kelishuvlar amalga ishirilmagan. Davlat rahbari ushbu masalaga doir hujjatlarni imzolashni tezlashtirishni buyurdi. Xorijdagi attashe va agentlik vakolatxonalari soni ko‘payadi. Hududlarda viza markazlarining ko‘chma ofislari tashkil etiladi.
«Xorijda ish» platformasida 25 ta xizmat onlayn, joriy yildan beri 524 ming kishi foydalangan. Endilikda biometrik identifikatsiya, real vaqt rejimida ish o‘rinlarini kuzatish, masofaviy maslahat berish va xizmatlar uchun sun’iy intellektli situatsion markaz ochiladi.
Noqonuniy migratsiya va firibgar konsalting kompaniyalari ko‘paygani sababli aeroportlarda interaktiv infokiosklar o‘rnatiladi, litsenziyasiz faoliyat uchun jarimalar keskin oshiriladi. Shuningdek, Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun alohida javobgarlik kiritish masalasi o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev paxtachilikda hosildorlikni oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.