Yangiliklar

Mobil operatorlarning narxlarni oshirish holatlari o‘rganilmoqda — Raqobat qo‘mitasi

O‘rganishlarda raqobatga zid harakatlar aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkaziladi
Mobil operatorlarning narxlarni oshirish holatlari o‘rganilmoqda — Raqobat qo‘mitasi
Mobil aloqa operatorlarining xizmat narxlarini oshirishi holatlari o‘rganilmoqda — Raqobat qo‘mitasi / Foto: depositphotos

Raqobat qo‘mitasi mobil aloqa operatorlarining xizmat narxlarini oshirishi yuzasidan o‘rganishlar boshlanganligi ma’lum qildi.

Qo‘mita narx oshirishining asosli sabablarini aniqlash uchun joriy yilning noyabr oyi boshida operatorlarga rasmiy so‘rovlar yuborgan. Hozirda ular xizmat sifati va qamrovni kengaytirish bo‘yicha qilinayotgan xarajatlarning narxlarga ta’siri haqida taqdim etgan ma’lumotlar ko‘rib chiqilmoqda.

Agar o‘rganishlar davomida operatorlar tomonidan raqobatga zid yoki kelishilgan harakatlar aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkaziladi. Shuningdek, qonunbuzarliklar tasdiqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘riladi.

Avvalroq Senat yig‘ilishida mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz pullik SMS va xizmatlarga avtomatik ulash holatlari ko‘payayotgani muhokama qilingandi

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvar holatida mamlakatda 36 milliondan ortiq mobil aloqa abonenti bor. Mazkur pullik xizmatlarni operatorlar emas, balki 100 dan oshiq kontent provayderlar ko‘rsatmoqda. Ularning ba’zilarining faoliyati telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asoslangan.

Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi yangi tahrirdagi «Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari» idoraviy normativ-huquqiy hujjati loyihasi 149-bandi quyidagi tahrirda to‘ldirilishini ma’lum qildi. Ya’ni abonentlarni pulli xizmatga ulash ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • ikkinchi bosqichda tanlangan xizmatni ulash uchun abonentning rozilik tasdig‘ini olish.
  • birinchi bosqichda, abonent tomonidan tanlangan xizmat haqida abonentga ma’lumot berish;