
Nissan AQSh bozorida yangi Rogue Plug-In Hybrid krossoverini namoyish qildi va kompaniya uning Mitsubishi Outlander PHEV bilan deyarli bir xil ekani haqida hech narsani yashirmayapti. Bu haqda Carcoops nashri xabar berdi.
Model to‘liq alianst ichidagi beydjing-injiniring orqali yaratilgan: Nissan o‘z gibridini ishlab chiqish o‘rniga tayyor Outlander PHEV platformasini olib, radiatori panjarasi, logotiplar va ayrim bezak elementlarini o‘zgartirib, bozorda yangi nom bilan taqdim qildi.
Tashqi ko‘rinishda Outlander Black Edition’ga xos qora detallar va 20 dyuymli disklar deyarli o‘zgarmagan.

Kapot ostida Mitsubishi’ning tanish gibrid tizimi joylashgan: 2,4 litrli benzin dvigateli, ikkita elektromotor, to‘liq uzatma va 248 ot kuchi quvvat. 20 kVt·soat sig‘imli akkumulyator to‘liq elektrda 61 km masofaga yetadi. Qiziq tomoni yangi Outlander PHEV allaqachon 302 ot kuchiga ega kuchliroq versiyani olgan, shuning uchun Rogue Plug-In Hybrid texnik ko‘rsatkichlarda biroz ortda qoladi.
Salon uch qatorli va yetti o‘rindichli. Jihozlar qatorida 12,3 dyuymli raqamli panel, 9 dyuymli multimedia ekrani, old o‘rindiqlarni isitish funksiyasi, bir nechta USB portlar va kengaytirilgan haydovchi yordamchilari tizimi mavjud.

Eng yuqori Platinum komplektatsiyasida 10 dyuymli proyeksiya displeyi, teri bilan qoplangan salon, Bose’ning to‘qqiz dinamikli audio tizimi, panoramali tom va orqa o‘rindiqni isitish funksiyasi taklif qilinadi.

Narxlar hozircha e’lon qilinmagan, biroq ular Mitsubishi Outlander PHEV ($40 445) bilan deyarli bir xil bo‘lishi kutilmoqda. Modelning AQShdagi savdosi 2026-yil boshida boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Nissan Teana taqdim etilgani haqida yozgandi.