Yangiliklar

Olimlar 100 milliard yulduzdan iborat ilk to‘liq Somon yo‘li simulyatsiyasini yaratdi

Bu galaktikani yulduzma-yulduz aniq modellashtirish imkonini berdi
Foto: Unsplash

Olimlar Somon yo‘lining 10 ming yillik evolyutsiyasini 100 milliarddan ortiq yulduz darajasida kuzatish imkonini beruvchi birinchi kompyuter simulyatsiyasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Hi-Tech nashri xabar berdi.

Bu yutuq galaktikani yulduzma-yulduz aniq modellashtirish orzusini amalga oshirgan tarixiy ilmiy qadam sifatida baholanmoqda.

Avvallari bunday simulyatsiyalarni tuzish deyarli imkonsiz edi, chunki Somon yo‘li miqyosidagi galaktikasini alohida yulduzlar bo‘yicha hisoblash ulkan resurs va vaqt talab qilardi. Oldingi modellar odatda milliardlab Quyosh massasi hajmidagi qismlar bilan cheklanib, bir zarracha taxminan 100 yulduzdan iborat edi, bu esa aniq jarayonlarni ko‘rsatishda jiddiy cheklov edi.

Shuningdek, galaktika evolyutsiyasida sodir bo‘ladigan portlashlar, gaz tarqalishi, kimyoviy elementlarning shakllanishi kabi jarayonlar o‘ta qisqa vaqt oralig‘ida sodir bo‘lgani sababli har bir qadamni hisoblash juda sekin kechardi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, an’anaviy usul bilan Somon yo‘lining 1 milliard yillik tarixini to‘liq va aniq simulyatsiya qilish uchun kamida 36 yil vaqt talab qilinardi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gaia teleskopi Somon yo‘lida ulkan «yulduzlar to‘lqini»ni aniqlagani haqida yozgandi.