O‘zbekiston 2035-yilga qadar issiqxona gazlarini 50% ga kamaytiradi — Ekologiya vaziri

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro konferensiyasida mamlakatning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq strategiyasini taqdim etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, vazir Markaziy Osiyoning iqlim o‘zgarishiga nisbatan zaifligini, yerlarning degradatsiyasi va suv resurslarining kamayishini qayd etdi, mintaqada harorat 2,2 °C ga ko‘tarilganini va muzliklarning har yili 0,5% hajmini yo‘qotayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Abduhakimov 2035-yilgacha O‘zbekistonning issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yilga nisbatan 50 foizga kamaytirish rejasini e’lon qildi. Qayta tiklanuvchi energiya, o‘rmonzorlarni kengaytirish, chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi ham ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va viloyatida atmosferaga zarar yetkazayotgan 106 xo‘jalik faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.