Banklar va moliya

Pokiston davlat banki Toshkentda filial ochishni rejalashtirmoqda

Bu orqali ikki davlat o‘rtasidagi hisob-kitoblar va moliyaviy operatsiyalarni soddalashtirishga erishish kutilmoqda
bank
Pokiston davlat banki Toshkentda filial ochishni rejalashtirmoqda / Foto: Wykop

Pokiston davlat banki (NBP) O‘zbekistonda o‘z filialini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Express Tribune xabar berdi.

Ushbu filial orqali ikki davlat o‘rtasidagi hisob-kitoblar va moliyaviy operatsiyalarni soddalashtirishga erishish kutilmoqda. Mazkur masala Pokiston–O‘zbekiston hamkorligiga bag‘ishlangan sakkizinchi sessiya davomida muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda savdo sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun banklararo hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Pokiston ikki tomonlama yillik savdo hajmini $2 milliardga yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirmoqda.

Qabul qilingan boshqa qarorlar qatorida Karachi va O‘zbekiston shaharlarini bog‘lovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ham bor. Bundan tashqari, tomonlar Pokistondan keladigan dori vositalarini sertifikatlash jarayonini tezlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishgan.

Avvalroq O‘zbekiston banklarida eskrou hisobvaraqlarini ochish imkoniyati yaratilishi xabar qilingandi.

Unga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan «Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaror davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yangi tartibga ko‘ra, mijozlar endilikda eskrou hisobvaraqlarini ochish imkoniga ega bo‘ldi. Bu turdagi hisobvaraqlar elektron savdo maydonlarida, ulushli shartnomalar va boshqa bitimlarda qo‘llaniladi.