
Toyota kompaniyasi mashinalarining to‘liq yangilanish muddatini 9 yilga uzaytirdi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.
Avval bu muddat 4–5 yil bo‘lgan, keyinchalik 7 yilgacha cho‘zilgan edi. Toyota tashqi dizayn va platformani tez-tez almashtirishdan ko‘ra, avtomobil ichidagi dasturiy ta’minotni muntazam va katta hajmda yangilashga e’tibor qaratadi.
Nikkei xabariga ko‘ra, yangi yondashuv so‘nggi avlod Camry modelida allaqachon namoyon bo‘ldi. Model avvalgidek to‘liq avlod almashinuvi emas, balki chuqur restayling oldi. Toyota fikricha, temirdan ko‘ra dasturiy imkoniyatlar muhimroq bo‘lib bormoqda.
Yangi tizim orqali kompaniya avtomobillarga yangi funksiyalar, haydovchiga yordam beruvchi tizimlar va hatto obuna orqali ishlaydigan xizmatlarni davomli ravishda qo‘shib boradi. Bu esa mashinalarning qiymatini uzoq yillar yuqori saqlashga yordam beradi.
Strategiya Toyota’ga investitsiyalarni samarali taqsimlash, ayniqsa, elektromobillarga yo‘naltirish imkonini beradi. Shuningdek, bu yondashuv mashina yetkazib berishni barqarorlashtiradi. Masalan, Land Cruiser kabi modellar doimiy yuqori talabga ega bo‘lgani uchun ularni tez-tez o‘zgartirishning hojat yo‘q.
Yangi model siyosati Yaponiyadagi ayrim mustaqil dilerlar orasida bahs uyg‘otdi. Ular narxlarning endi talabga qarab dinamik o‘zgarishi marjani kamaytirishi mumkin, deb xavotir bildirmoqda. Toyota esa ulgurji narxlar yangi 9 yillik sikl davomida barqaror bo‘lishini ta’kidlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota yangi Land Cruiser Pickup’ni taqdim etishi haqida yozgan edi.