Yangiliklar

Wizz Air’ni sudga bergan o‘zbekistonlik yigit 120 ming yevro kompensatsiyani rad etdi

Kompaniya vakillari undan ushbu voqea bo‘yicha jamoatchilikka murojaat qilmaslik va sud shikoyatini qaytarib olishini so‘ragan
Wizz air
Foto: Travel news

O‘zbekistonlik Suhrob Ubaydullayev Wizz Air’ni diskriminatsiyada ayblab Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi sudiga shikoyat qilgandi. Aviakompaniya unga 120 ming yevro tovon puli taklif qildi, biroq u bu taklifni rad etdi. Bu haqda u Kun.uz’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Suhrobning aytishicha, kompaniya vakillari undan ushbu voqea bo‘yicha jamoatchilikka murojaat qilmaslik va sud shikoyatini qaytarib olishini so‘ragan.

«Menga Londonda bo‘lganimda qo‘ng‘iroq qilishdi. 120 ming yevro taklif qilishdi, lekin hech qanday uzr so‘ramadi. Meni bu mavzuni ko‘tarmaslikka chaqirishdi. Ustozlarim bilan maslahatlashdim va rad etdim. Pul qadriyatdan yuqori emas», — dedi u.

Nima bo‘lgandi?

2023-yil avgustida Ubaydullayev Rim — Abu-Dabi — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha uyga qaytayotgandi. Ammo Abu-Dabidagi tranzit vaqtida Wizz Air xodimi uni samolyotga qo‘ymagan. Suhrobning so‘zlariga ko‘ra, bunga uning O‘zbekiston pasporti sabab qilingan.

U pasport tekshiruvdan o‘tgan bo‘lsa ham, uni izohsiz ortga qaytarishgan, deportatsiya bilan qo‘rqitishgan va «hatto elchixona ham yordam bera olmaydi» degan. Uning bileti bekor qilingan, vatanga yetib kelish uchun esa u qarz olib, Istanbul orqali Qozon yo‘nalishida qaytishga majbur bo‘lgan.

U kompensatsiya talab qilib bir necha bor Wizz Air bilan bog‘langan, biroq kompaniya javob bermagan. Shundan keyin Suhrob sudga murojaat qilishga qaror qiladi.

Masala xalqaro e’tibor markazida

Kanadalik mashhur musiqachi Dave Carroll United Breaks Guitars qo‘shig‘i muallifi Suhrob bilan birga videoklip suratga oldi. 100 dan ortiq mutaxassis ishtirok etgan klip qisqa vaqt ichida 150 mingga yaqin tomosha qilindi.

Carroll voqea tafsilotlarini shaxsan o‘rganib, Wizz Air’ning diskriminatsiya sodir etganini tasdiqladi. U o‘zbekistonliklarni loyiha orqali qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, barcha yo‘lovchilar uchun xavfsiz va hurmatga asoslangan parvozlar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Wizz Air O‘zbekistondan Abu-Dabiga aviaparvozlarni 1-sentabrdan to‘xtatgani haqida yozgandi.