
Joriy yil 19-noyabr kuni Agat credit mikromoliya tashkiloti «Toshkent» respublika fond birjasida o‘zining uchinchi korporativ obligatsiyalarini to‘liq joylashtirdi.
Bunda emissiya hajmi 40 milliard so‘mni tashkil etdi. Obligatsiyalar bo‘yicha yillik daromad stavkasi 27 foiz etib belgilangan bo‘lib, to‘lovlar har oy amalga oshiriladi. Muomala muddati 365 kun.
Mazkur obligatsiyalarning chiqarilishi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan 2025-yil 23-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Bunda obligatsiyalarning nominal qiymati va ular bo‘yicha hisoblangan foizlar Trust-Insurance sug‘urta polisi bilan sug‘urtalangan.
Agat Credit kompaniyasi haqida
Agat Credit O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan 2018-yilda ro‘yxatga olingan, tez rivojlanayotgan mikromoliya tashkiloti. Kompaniya aholiga va kichik biznesga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi, qulay kreditlar taqdim etadi va mijozlarning ehtiyojiga mos mikroqarzlar bilan ishlaydi.
Bugungi kunda respublika bo‘ylab 50 dan ortiq filiallari mavjud bo‘lib, ulardan sakkiztasi Toshkentda, qolganlari viloyatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniya to‘rt mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi va obligatsiyalar ham chiqaradi.
Tashkilot 2026-yilda mikromoliya bankiga aylanishi kutilmoqda. Bu maqom o‘zgarishi kompaniyaga yangi imkoniyatlar yaratadi. Xususan, xizmat turlarini kengaytirish, qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish va mijozlar hamda hamkorlar orasida ishonchni yanada oshirishga yordam beradi.
Agat Credit’ning obligatsiyalari
Tashkilot joriy yil 24-martda 40 mlrd so‘mlik birinchi obligatsiyalarini savdoga chiqardi. Obligatsiyalar fond birjasining kotirovka ro‘yxatiga ACMT1B tikeri bilan kiritildi. Bunda har birining nominal qiymati 100 ming so‘mlik 400 mingta obligatsiya chiqarilib, yillik daromadlilik stavkasi 29 foizni tashkil etdi.
2025-yil 8-iyulda esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tashkilotning ikkinchi obligatsiya emissiyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Emissiya hajmi 30 milliard so‘mni tashkil etdi. Har bir obligatsiyaning nominal qiymati 100 ming so‘m etib belgilandi. Yillik kupon stavkasi 28 foiz qilib tasdiqlandi va to‘lovlar oylik amalga oshirilishi belgilandi. Muomala muddati 365 kun bo‘lib, joylashtirish ochiq obuna orqali o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors bir yil ichida uchinchi marta dividend toʻlashi mumkinligi haqida xabar qilingandi. Kompaniya kuzatuv kengashi aksiyadorlarga har bir aksiya uchun 4 642 soʻm dividend ajratishni tavsiya qildi. Bu kompaniya aksiyalarining bozor qiymatiga nisbatan 8,7 foiz daromadni anglatadi (53,5 ming so‘m). 2025-yilning toʻqqiz oyi yakunlari boʻyicha foydani taqsimlash masalasi 24-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishda muhokama qilinadi.