
Chevrolet Spark avtomobili O‘zbekiston avtomobil bozorida o‘z o‘rniga modellardan biri hisoblanadi. Ushbu model 2022-yildan boshlab ishlab chiqarilishi to‘xtagan bo‘lsa-da, ushbu segmentdagi bozor haliyam deyarli bo‘sh turibdi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Spark o‘rnini qaysi avtomobil egallashi mumkin degan savolga javob beriladi.
Mundarija:
- Model haqida qisqacha
- Kia Picanto
- Hyundai i10
- Spark’ka o‘xshash qanday elektromobillar bor
- Spark’ning elektr versiyasi qanday xususiyatlarga ega
- Boshqa modellar
Model haqida qisqacha
Chevrolet Spark — O‘zbekistonda eng ommaviy va eng ixcham shahar avtomobillaridan biri bo‘lgan model. Uning 5 eshikli xetchbek kuzovi bor, uzunligi 3,64 metr, kengligi 1,60 metr, balandligi esa 1,52 metr atrofida. Shu o‘lchamlar tufayli u tor ko‘chalarda bemalol harakatlana oladi, gavjum markazlarda esa oson parkovka qiladi.

Spark’ning 800–1000 kilogramm atrofidagi yengil vazni va kichik litrli dvigateli yoqilg‘i tejamkorligini ta’minlaydi. Aralash haydash siklida 100 kilometrga atigi 5,4–5,7 litr benzin sarflashi uni talabalar, yangi haydovchilar va budjet imkoniyati cheklangan xaridorlar uchun jozibador modelga aylantirgan. Spark hatto AQSh va Kanada bozorlarida ham eng arzon yangi avtomobillar qatorida e’tirof etilgan edi.

2010-yildan boshlab Spark Asaka zavodida ishlab chiqarila boshladi. Uning budjetga mos narxi, ixchamligi va shahar haydashida qulayligi Matiz o‘rnini to‘ldirdi va bozorning uzoq vaqt yetakchisiga aylandi. Ammo iste’molchilar talablari oshgani sari Spark imkoniyatlari torlik qila boshladi va UzAuto Motors 2022-yil oxirida modelni ishlab chiqarishni to‘xtatdi.
Kia Picanto
Kia Picanto — A-segmentdagi to‘laqonli shahar xetchbegi. O‘lchamlari Spark’ga juda yaqin: uzunligi taxminan 3,6 metr.

1,0 yoki 1,2 litrli dvigatel bilan jihozlanadi. Sarfi 5–6 l/100 km — Spark darajasida. Kia Picanto O‘zbekistonda hozircha keng ommalashmagan bo‘lsa-da, parallel import va rasmiy dilerlik orqali keltirilmoqda. Narxi taxminan $13–14 ming atrofida bo‘lib, Spark’ning yuqori komplektatsiyalariga teng.
Zamonaviy interyer, boy opsiyalar va ishonchli koreys texnologiyasi Picanto‘ni kuchli raqobatchi qiladi.
Hyundai i10

Hyundai i10 xalqaro bozorlarda juda mashhur. Kichik o‘lcham, 1,0 litr dvigatel va shahar uchun ideal dinamika Spark’ni eslatadi.
Shahar ichida sarfi 5–6 litr. O‘zbekistonda rasmiy ravishda sotilmasa-da, parallel import orqali uchramoqda. Agar rasmiy savdoga kirsa, Spark bo‘shatayotgan segmentdagi eng kuchli nomzodlardan biri bo‘ladi.
Elektromobillar haqida

O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan Xitoy kompaniyalari Spark segmentiga yangi alternativalarni taklif qilmoqda.
Ayniqsa, elektrokarlar ichida:
- Chery QQ — Spark o‘lchamidagi ixcham elektro-xetchbek
- BYD Seagull — global bozorni ommalashayotgan ultra-tejamkor EV
- BYD Dolphin — ixcham, qulay va shahar haydashiga mo‘ljallangan model
Spark’ning elektr versiyasi qanday xususiyatlarga ega

Yaqinda Chevrolet kompaniyasi tomonidan Ekvadorda yangi Chevrolet Spark 2026 elektromobili rasman namoyish etgan edi. Bu avtomobil brendning shahar uchun mo‘ljallangan arzon elektro-krossoverlar segmentidagi ilk modeli bo‘ldi. Ammo ushbu versiyaning mahalliy bozorga kirib kelishi haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas.
Tashqi ko‘rinishda Spark EV oddiy benzinda yuruvchi Spark’ga juda o‘xshash. Ammo kapoti ostida ichki yonuv dvigateli o‘rniga quvvati 105 kVt (taxminan 140 ot kuchi) bo‘lgan elektromotor joylashgan.
Uning eng katta ustunligi — tortish momenti: 542 N·m, bu hatto ba’zi sport avtomobillariga xos tezlanishni beradi.
- 0–100 km/soat: ~7,5 soniya
Bu kichik hajmli elektromobil uchun juda yuqori ko‘rsatkich.
Batareya va yurish masofasi
Spark EV ikki xil akkumulyator bilan ishlab chiqarilgan:
- 2014-yil: 21,3 kVt·soat LiFePO4 batareya
- 2015-yil: LG Chem’ning 19 kVt·soat yangi batareyasi
Yurish masofasi esa deyarli bir xil qolgan — taxminan 132 km (82 mil). Bu ikkinchi avlod elektromobillari uchun ideal bo‘lmasa-da, shahar ichida yetarli.
Chevrolet Onix

2023-yildan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan Chevrolet Onix Spark o‘rnini bosayotgan asosiy model sanaladi. U B-segmentga mansub 4 eshikli sedan bo‘lib, Spark’dan ancha katta — uzunligi 4,47 metr. Salondagi joy ko‘proq, yukxona ham keng. Onix zamonaviy dizayn, multimedia tizimi, kameralar, xavfsizlik opsiyalari bilan ta’minlangan. 1,0–1,25 litr turbobenzin dvigateli quvvatli, lekin tejamkor: aralash siklda o‘rtacha 6 litr iste’mol qiladi.
Spark’dan qimmatroq bo‘lsa-da, Onix hali ham budjet sinfida qoladi va ko‘proq zamonaviy imkoniyat istaganlarga mo‘ljallangan.
Chevrolet Tracker

2022-yildan boshlab O‘zbekistonda yig‘ilayotgan Chevrolet Tracker ham Spark merosini davom ettirayotgan modellardan biri.
Trackerning uzunligi 4,2 metr, ya’ni Spark’dan kattaroq, ammo hali ham shahar uchun qulay o‘lchamga ega. Yuqoriroq kliirens, yo‘ltanlamas uslubdagi dizayn, qishda va notekis yo‘llarda qulay haydash — modelning asosiy ustunliklari.
1,0 yoki 1,2 litrli turbomotorlar (110–130 ot kuchi) yoqilg‘i sarfini past darajada saqlab turadi: kombinatsiyalangan siklda 6,5–7 litr. Narx Spark va Onixdan balandroq, ammo kichik oila uchun ideal variant.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Gentra avtomobilining tarixi haqida yozgan edi.