Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, qo‘mitaga aylantiriladi

Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident farmonida qayd etildi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi mustaqil Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil qilinishi belgilandi.
Ekologiya qo‘mitasi atrof-muhitni muhofaza qilish, «Yashil makon» loyihasi, o‘rmonlarni ko‘paytirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritadi.
Prezident administratsiyasida ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilib, ikki shtat birligi ajratiladi. O‘rmonlar, gidrometeorologiya va chiqindilar boshqaruvi agentliklari yangi tashkil etilgan Ekologiya qo‘mitasi tarkibida faoliyat yuritadi.
2026-yil 1-apreldan boshlab ekologiya sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Jarimalar faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi, xodimlarga nisbatan alohida ma’muriy jazo berilmaydi.
Shu bilan birga, Ekologiya qo‘mitasi tarkibida Ekopolitsiya tashkil etiladi. U ekologik xavfsizlik, huquqbuzarliklarning oldini olish va nazorat bo‘yicha maxsus vakolatlarga ega bo‘ladi. Ekopolitsiya tarkibiga prokuratura tizimidagi tegishli bo‘linmalar shtatlari o‘tkaziladi.
Bir oy muddatda yuridik shaxslarga nisbatan ekologik moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Ikki oy ichida barcha tegishli qonunchilikka zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekiston 2035-yilga qadar issiqxona gazlarini 50% ga kamaytirishi haqida yozgan edi.