
O‘zbekiston shaxmatchilari Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogi yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Sport vazirligi ma’lum qildi.
Turnir Hindistonning Goa shahrida 31-oktabrdan 27-noyabrgacha davom etadi. Jahon kubogi FIDE tomonidan ikki yilda bir marta uyushtiriladigan eng nufuzli nokaut-turnir hisoblanadi. Turnirda 206 nafar shaxmatchi ishtirok etib, o‘yinlar ikki kunlik klassik partiyalar va durang holatlarda tay-breyklar orqali hal qilinadi.
Nodirbek Yoqubboyev 2689 reyting bilan Germaniya, Chexiya, Hindiston, Armaniston va Germaniyadan bo‘lgan raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi. Shu bilan u faol o‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida 2700+ reytingga ega bo‘lgan to‘rtinchi shaxsga aylandi.
Javohir Sindarov chorak finalda meksikalik Xose Martinesni tay-breykda yengib, yarim finalga yo‘l oldi. U birinchi o‘yinda qora donalar bilan mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, oq donalarda ajoyib o‘yin ko‘rsatib, g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, yarim finalda ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi — Yoqubboyev va Sindarov «o‘zbek derbisi» o‘tkazadi. Finalga chiqadigan shaxmatchi nomzodlar turnirida ishtirok etish imkoniyatini oladi.
Ma’lumot uchun, musobaqada dunyoning 89 mamlakatidan 206 nafar kuchli shaxmatchi ishtirok etmoqda. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi $2 mlnni tashkil etadi. G‘olib va sovrindorlar (1–3-o‘rin) 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan FIDE Nomzodlar turnirida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen sun’iy intellekt – ChatGPT’ga qarshi shaxmat o‘yinida g‘alaba qozongani haqida yozgan edik.