Sport

Islom Ismoilov U-17 terma jamoasidan ketganini e’lon qildi

Foto: O‘FA

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. U bu haqda facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

«Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U-17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi», — dedi Ismoilov.

Foto: O‘FA

Murabbiy ushbu davr davomida jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar va og‘ir mag‘lubiyatlarni birga boshdan kechirganini ta’kidladi. 2025-yilda O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi.

«Bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi», — deydi murabbiy.

Ismoilov o‘z faoliyati davomida halollik va adolatga qat’iy amal qilganini ham alohida qayd etdi. Uning aytishicha, terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi tanlovga haqli bo‘lgan.

«Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishligini emas faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim».

Ismoilov O‘zbekiston xalqiga, O‘FA rahbariyatiga, yordamchi murabbiylarga va butun shtabga minnatdorlik bildirdi. U futbolchilarga murojaat qilib, shunday dedi.

«Sizlar mening faxrim bo‘lib qolingizlar. Maydonda yutdingiz ham, yutqazdingiz ham, lekin hech qachon taslim bo‘lmadingiz».

Avvalroq Kursiv Uzbekistan U-17 terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirokini yakunlagani haqida xabar bergan edi.