
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan buyon 261 nafar mas’ul ishdan olindi. Bu haqda davlat rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Shuningdek, sohadagi 492 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llangan. Yig‘ilishda ayrim tuman hokimlarining bandlik masalalariga yuzaki yondashayotgani, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani keskin tanqid qilindi.
Xususan, Bosh vazirga Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq va Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan chora ko‘rish topshirildi.
Bundan tashqari, mutasaddilarga mahallalarga tushib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, nazorat va intizomni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Davlat rahbari kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan ham pastga tushirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, kelgusi yilda iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit yo‘naltirilishi, shundan 140 trillion so‘mi mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarga berilishi belgilandi.
Avvalroq Denov va Chiroqchi tumani hokimlari ishdan olingani xabar qilingandi. Shuningdek, har ikki tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari ham lavozimidan chetlashtirilgan. Denov tumanida hokimlik ishni o‘z holiga tashlab qo‘ygani aytilgan. Kambag‘al oilalar reyestriga kirgan 1 200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagani qayd etilgan.