2026-yilda O‘zbekistonda 675 trln so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

2026-yil O‘zbekistonda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident raisligidagi kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yil davomida 140 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilishi belgilangan. Shavkat Mirziyoyev har bir hokim aynan qurilish sohasi orqali 20–25 ming kishini, yaratiladigan infratuzilma hisobidan esa qo‘shimcha 10 ming kishini ish bilan ta’minlashi mumkinligini ta’kidlagan.
2026-yilda birinchi bor mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘ viloyatlarning o‘ziga beriladi. Mazkur mablag‘ tumanga teng taqsimlanmaydi, natija ko‘rsatgan hududlar ko‘proq oladi.
Masalan, Do‘stlik tumani ajratilgan 5 mlrd so‘mni samarali ishlatib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli ko‘chani kun-u tun faol hududga aylantirdi. Samaradorlik tufayli tuman yana 10 mlrd so‘m oldi, daryo bo‘yi obodonlashtirildi, savdo-servis zonalari paydo bo‘ldi. Natijada 130 ta yangi tadbirkor faoliyat boshladi va 700 nafar aholi ishli bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Denov va Chiroqchi tumani hokimlari ishdan olingani haqida yozgan edi.