Yangiliklar

O‘zbekistonda berilgan haydovchilik guvohnomasi Rossiyada ham amal qiladi — elchixona

Faqat shaxsiy ehtiyojlar uchun transport vositasini boshqarishda
O‘zbekistonda berilgan haydovchilik guvohnomasi Rossiyada ham amal qiladi / Foto: 74.RU

O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi mamlakat fuqarolarini Rossiya hududida milliy haydovchilik guvohnomalaridan foydalanish tartibi haqida ma’lum qildi.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekistonning amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalari bilan shaxsiy transport vositalarini boshqarish mumkin.

Biroq Rossiya hududida professional faoliyat, ya’ni taksi, yuk yoki yo‘lovchi tashish va boshqalar uchun Rossiya haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi, bu esa belgilangan tartibdan o‘tishni talab qiladi.

Elchixona Rossiya mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, fuqarolarning huquq va manfaatlariga ta’sir qiluvchi barcha o‘zgarishlardan xabardor qilib borishini ham ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peterburgda migrantlar taksida ishlash taqiqini uzaytirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.