
AQShda «Pivotal Aero» kompaniyasining bir o‘rinli uchuvchi avtomobili ilk bor omma oldida sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda autoblog nashri xabar berdi.
Elektr energiyasida ishlaydigan ushbu apparat taxminan 45 metr balandlikka ko‘tarildi. Bir o‘rinli, to‘liq elektr energiyasida ishlaydigan ushbu modelning narxi qariyb $190 mingni tashkil qiladi. U, asosan, xususiy xaridorlar uchun mo‘ljallangan. Sinov uchuvchisi uchuvchi avtomobil haqida shunday dedi. «Bunday mashinaga har kim ega bo‘lishni xohlaydi».

Qanday imkoniyatlarga ega?
Pivotal uchuvchi avtomobili yengil VTOL — vertikal ko‘tarilish va qo‘nish texnologiyasiga asoslangan. U bir marta quvvat bilan taxminan 40 km masofani bosib o‘tadi, maksimal tezligi esa 97 km/soatni tashkil qiladi.
AQSh Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi qoidalariga ko‘ra, bunday uchish apparatlari uchun hozircha pilotlik guvohnomasi shart emas. Ammo parvozlar faqat kunduzgi va aholisi kam hududlarda amalga oshirilishi mumkin.
Sohaning kelajagi

Uchuvchi avtomobillarga bo‘lgan qiziqish dunyo bo‘ylab ortib bormoqda. Pivotalning ushbu modeli katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Tesla Roadsterdan farqli o‘laroq haqiqatdan ham havoga ko‘tarildi. Shunga qaramay, soha hali to‘liq rivojlanmagan. Asosiy muammolar qat’iy tartibga solish talablari, batareyalar quvvati, infratuzilma yetishmasligi va xavfsizlik masalalari.
Avtomobil kimlar uchun?
Hozircha bunday texnologiyalar faqat puldor havaskorlar uchun. Yuqori narx va qisqa uchish masofasi uni ommaviy transport vositasiga aylantirishga imkon bermayapti. Biroq bu yo‘nalish jiddiy maqsadlarga ega. Toyota kabi yirik kompaniyalar elektr transportga katta e’tibor qaratmoqda. Uchuvchi elektromobillar avtomobillar qulayligini aviatsiya imkoniyatlari bilan birlashtiruvchi yangi bosqich bo‘lishi mumkin.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
Uchuvchi avtomobillar ommaviylashishi uchun federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasdan to‘liq sertifikatsiyadan o‘tish, batareyalar quvvatini oshirish, uchish vaqtini uzaytirish, quvvatlash va texnik xizmat infratuzilmasini yaratish va hududlarda uchish bo‘yicha aniq qoidalar joriy etish lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Haval H6L modeli rasman bozorga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.