
Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV)ning «Maxsus hibsxona»larida saqlanayotgan qariyb ikki ming nafar o‘zbekistonlik Vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2025-yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari 50 mingdan ortiq murojaatlarni ko‘rib chiqqan. 3,2 mingdan ortiq fuqarolar ishga joylashish yoki mehnat nizolarini hal etishda yordam olgan. 381 nafar fuqaroga esa $310 minglik maoshni undirishda ko‘mak berilgan.
Shuningdek:
- 1,3 ming nafar fuqaro ish beruvchilar noqonuniy olib qo‘ygan pasportlarini qaytarib oldi;
- 552 nafar og‘ir vaziyatga tushgan fuqaroga $125,3 minglik moddiy yordam ko‘rsatildi;
- Konsulliklar 24/7 rejimida ishlaydigan Call-sentrlarga ega bo‘ldi;
- 20 mingga yaqin mehnat migranti bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Rossiyaning «Maxsus hibsxona»larida saqlanayotgan 1,9 ming nafar O‘zbekiston fuqarosiga vatanga qaytishda yordam berildi. Umuman olganda, bu yil Rossiyadan 17,5 ming fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi.
Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, nazorat ro‘yxatidan 160 mingga yaqin o‘zbek fuqarosi chiqarilgan. Ularning 70 mingdan ortig‘i huquqiy maqomini tartibga solgan, qolganlari esa Rossiyadan o‘z vaqtida chiqib ketgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘chirilgan.
Avvalroq Rossiyadagi hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlikning harbiy xizmatga jalb etilishi oldi olingani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, konsulxonaga fuqaro farzandining Rossiyadagi tergov hibsxonasida saqlanayotgani va aldov yo‘li bilan Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish shartnomasini imzolaganini bildirgan. Bosh konsulxona aralashuvi bilan fuqaroning harbiy xizmatga qarshi ekanligi hisobga olinib, u bilan harbiy shartnoma tuzilmagan va tergov jarayonlarini davom ettirish uchun Kolpino shahridagi tergov hibsxonasiga qaytarilgan.