Yangiliklar

Sirdaryo viloyatidagi ikki mlrd so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilish holatlari fosh etildi

Xarid Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi asosida bekor qilindi
Sirdaryoda ikki milliard so‘mlik davlat xaridi noqonuniy deb topildi / Foto: URA

Sirdaryo viloyatidagi ikki mlrd so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xarid Sirdaryo viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUK buyurtmachiligida hududdagi mahallalarni rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish uchun amalga oshirilgan. Biroq tekshiruvda baholash jarayoni «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid bo‘lgani va xolislik tamoyillariga rioya qilinmagani aniqlangan.

Ma’lumot uchun, xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomasi agentlik taqdimnomasi asosida bekor qilindi. Shu bilan birga, to‘plangan hujjatlar qonuniy choralar ko‘rilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAirports’ning yetti mlrd so‘mga yaqin davlat xaridi qonunga zid deb topilgan edi.