Toshkentda giyohfurush oila 8 kg narkotik modda bilan qo‘lga tushdi

Toshkent shahrida Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan giyohvandlik vositalarini olib kelib, sotishga uringan oila a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatida, Ohangaron – Piskent yo‘nalishida kuzatib kelinayotgan «Equinox» rusumli avtomobil tekshirildi. Avtomobilda oila a’zolari tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tishga uringan 4,985 kg gashish moddasi topildi.
Ularning mobil aloqa vositalari tekshirildi va Tojikistondagi tanishlari tomonidan «Telegram» messenjeri orqali narkotik moddaning geolokatsiyasi va fotosuratlari yuborilgani aniqlandi. Shu ma’lumotlar asosida tezkor tadbir davom ettirildi va Piskent tumanidagi yo‘l chetiga yashirib ketilgan 4,985 kg gashish moddasi ashyo dalil sifatida olindi.
Natijada 1976-yilda tug‘ilgan ayol va uning 1999-yilda tug‘ilgan o‘g‘li qo‘lga olindi. Shuningdek, ayolning 1996-yilda tug‘ilgan sobiq sudlangan o‘g‘li ham ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX Xovosda ikki nafar IIB xodimi pora ustida ushlagan edi.