Investitsiyalar

UzNIF London IPO’siga chiqishni tezlashtirmoqda — Bloomberg

2026-yilning birinchi choragida
Фондовый рынок
UzNIF Londonda IPO o‘tkazishga tayyorlanmoqda — Bloomberg / Foto: Pixabay

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 2026-yilning birinchi choragida ommaviy aksiyalarni (IPO) chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Unga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK)ni IPO’ga tayyorlash jarayoni sekinlashgan. Bloomberg manbalari korxona 2025-yil oxirigacha aksiyalarini London birjasiga joylashtira olishiga shubha bildirgan.

Bloomberg ta’kidlashicha, O‘zbekiston hukumati NKMKning IPO’ga chiqishi Davlat budjetiga elib tushadigan yirik dividendlarning kamayishiga sabab bo‘lishidan xavotirda.

«Mirziyoyev IPO’ni o‘tkazish kerakmi yoki yo‘qmi va uni qachon amalga oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishi lozim. Lekin prezident bu borada hali o‘z pozitsiyasini bildirmadi», – deyiladi xabarda.

NKMK matbuot xizmati Bloomberg’ga IPO muddati haqida izoh berolmasligini ma’lum qilgan. UzAssets investitsiya kompaniyasi esa konchilik korxonasi IPO’ga tayyorgarlikni davom ettirayotganini tasdiqlagan, biroq aniq muddatlarni oshkor qilmagan.

NKMKdan tashqari, 2028-yilgacha «Navoiyuran», Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalari aksiyalari ham birjaga chiqarilishi rejalashtirilgan. IPO jarayonlariga Franklin Templeton Asset Management ko‘mak ko‘rsatadi.

Avvalroq «Toshkent» Respublika fond birjasi ichki bozorda IPO o‘tkazishga texnik jihatdan tayyorligi, biroq undagi tizimlarini yangilash zarurligini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda bozorda ko‘plab o‘zgarishlar yuz bergan, infratuzilma esa jumladan, xorijiy investorlar kutgan darajaga mos bo‘lishi kerak.