2030-yilgacha energiya tejovchi qurilish mahsulotlari ulushi 35 foizga yetkaziladi

eʼlon qilindi
Kelgusi yilda qurilish materiallari tarmog‘ida 112 loyiha amalga oshiriladi
2030-yilgacha energiya tejovchi qurilish mahsulotlari ulushi 35 foizga yetkaziladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sohaning yurtimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatini qayd etdi. Aholi sonining so‘nggi sakkiz yilda 6 millionga ko‘paygani baravarida uy-joy, infratuzilma va qurilish materiallariga talab keskin oshdi. Shu davrda 210 million kvadrat metr bino-inshootlar qurilib, 565 ming xonadon foydalanishga topshirildi.

Qurilish materiallari sanoati hajmi 4 barobar oshib, joriy yilda 53 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Eksport ham jadal o‘sib, $1,1 mlrdga chiqishi rejalashtirilmoqda. Tarmoq Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Jizzaxning oldin sanoati kam hududlarida ish o‘rinlari yaratishda muhim «drayver»ga aylangan.

Shu bilan birga, sifatsizlik, logistika muammolari va ayrim mahsulotlarning importga bog‘liqligi hanuz dolzarb. Xususan, PVX-quvur, fitinglar va qurilish oynasi kabi mahsulotlar katta hajmda chetdan olib kelinayotgani ta’kidlandi.

Kelgusida tarmoqda $2,4 mlrdlik 112 loyiha amalga oshirilib, 13,5 ming ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, 5 ta strategik loyiha va $3,5 mlrdlik kengaytirilgan loyiha portfeli ko‘zda tutilgan. Mahalliy xomashyo, jumladan 1 mlrd tonnadan ortiq kaolin zaxirasidan samarali foydalanish bo‘yicha 40 ta loyiha ishlab chiqilib, chinni mahsulotlar importini kamaytirish maqsad qilingan.

Tarmoqda energiya samaradorligini oshirish, raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali tannarxni 5 – 10 foizga qisqartirish imkoniyati mavjud. Shu maqsadda ikki yil davomida 100 mlrd so‘m ajratiladi. Qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun esa 30 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Yaqin yillarda 26 mamlakatga eksport qilinadigan mahsulotlar turini kengaytirish, energiya tejamkor materiallar ulushini 2026-yilda 25 foizga, 2030-yilga borib 35 foizga yetkazish vazifasi topshirildi. Shuningdek, JST talablari asosida xalqaro standartlarni ko‘paytirish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek