
Abu Dabi kompaniyasi Rossiyaning yirik energetika kompaniyasi «Lukoyl»ning O‘zbekistondagi aktivlariga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, kompaniyaning xorijdagi aktivlariga Exxon Mobil, Chevron, Abu Dhabi National Oil Co. (ADNOC) hamda amerikaning yirik investitsiya fondi Carlyle Group qiziqish bildirmoqda. Bu jarayon AQShning 13-dekabrdan kuchga kiradigan sanksiyalari tufayli tezlashmoqda.
Shuningdek, xaridorlar kompaniyaning xalqaro biznesidagi turli tomonlarini o‘rganmoqda. Ba’zilar faqat alohida loyihalarga qiziqqan. Biroq asosiy muammo «Lukoyl» aktivlarni yagona paket ko‘rinishida sotishga tayyorlanmoqda. Bu esa xarid jarayonini murakkablashtiradi.
Shu bois bitim ikki bosqichda amalga oshirilishi mumkin. Avval moliyaviy kompaniya barcha aktivlarni to‘liq sotib oladi, so‘ng ularni bosqichma-bosqich boshqa xaridorlarga sotadi.
Ma’lumki, avval «Lukoyl» butun xalqaro bo‘linmasini Gunvor Group’ga sotishga kelishgan, biroq AQSh hukumatining keskin qarshi chiqishi bitimni to‘xtatgan.
Exxon va Chevron ayni damda Iroqdagi West Qurna 2 neft konidagi «Lukoyl» ulushini o‘rganmoqda. ADNOC esa kompaniyaning bir nechta aktivlarini ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda, shular orasida eng qiziqarli yo‘nalishlardan biri sifatida O‘zbekistondagi gaz loyihalari tilga olinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Lukoyl» xorijdagi aktivlari bo‘yicha bir nechta xaridorlar bilan muzokara olib borayotgani haqida yozgandi.