
«PSJ» klubi va Marokash terma jamoasi himoyachisi Ashraf Hakimi Afrikaning 2025-yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Hakimi misrlik Muhammad Saloh va nigeriyalik Viktor Osimhenni ortda qoldirdi.
«Bu sovrin nafaqat men uchun, balki Afrikada futbolchi bo‘lishni orzu qilgan barcha uchundir», – dedi Hakimi taqdirlash marosimida.
Futbolchi «PSJ»ning Chempionlar ligasidagi ilk g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Finalda Parij klubi Italiyaning «Inter» jamoasini 5:0 hisobida mag‘lub etgandi. Hakimi Liga 1 va Fransiya kubogi bilan birga mavsumda tarixiy treblni qayd etdi. Avgust oyida esa «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alaba evaziga UEFA Superkubogi ham qo‘lga kiritildi.
Sentabr oyida e’lon qilingan «Oltin to‘p» reytingida Hakimi 6-o‘rinni egalladi, bu marokashlik futbolchilar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Marosimda boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Yassin Bunu «Yilning eng yaxshi darvozaboni», Gizlan Chebbak esa «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» deb topildi. Kabo-Verde terma jamoasini tarixda ilk bor «JCH – 2026» ga olib chiqqan Bubista «Yil murabbiyi» unvoniga sazovor bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilgi The Best sovrini uchun ovoz berish boshlangani haqida xabar bergan edi.