Buxoroda 35 ming dollarga simob sotganlar qo‘lga olindi

Buxoro viloyatida $35 mingga simob sotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, viloyatda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar fuqaro 343 gramm simobni $35 mingga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Ular oldindan til biriktirib, mamlakatda erkin muomalaga chiqarilishi taqiqlangan moddani yashirincha sotishga uringan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. DXX O‘zbekiston hududida simob va uni o‘z ichiga olgan birikmalarni sotish, sotib olish yoki saqlash qat’iyan taqiqlanishini eslatdi.
Avvalroq Toshkentda giyohfurush oila sakkiz kg narkotik modda bilan qo‘lga tushgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatida, Ohangaron – Piskent yo‘nalishida kuzatib kelinayotgan «Equinox» rusumli avtomobil tekshirildi. Avtomobilda oila a’zolari tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tishga uringan 4,985 kg gashish moddasi topildi. Hozirda ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.