Yangiliklar

Ilon Maskning yillik daromadi AQShdagi maktab o‘qituvchilarining umumiy maoshidan oshib ketadi

Daromadi yiliga o‘rtacha $100 milliardni tashkil qiladi
Foto: Vocal Media

Tesla kompaniyasining kompensatsion paketi tufayli Ilon Maskning kelgusi o‘n yillikdagi daromadi yiliga o‘rtacha $100 milliardni tashkil qiladi. Bu haqda The Washington Post’ning yangi hisob-kitoblari e’lon qilindi.

Taqqoslash uchun, bu 2024-yilda AQShdagi barcha boshlang‘ich maktab o‘qituvchilarining umumiy yillik maoshidan ham ko‘p. Ularning jami daromadi o‘tgan yili $97 milliard bo‘lgan.

Nashr yozishicha, Maskning o‘n yil davomida oladigan $1 trillionlik kompensatsion paketi AQSh korporativ tarixidagi eng yirik to‘lov bo‘lib qolmoqda. Tesla aksiyadorlari yaqinda ushbu paketni ma’qullagan edi.

Shuningdek, Ilon Maskning yillik daromadi 1,4 million nafar boshlang‘ich maktab o‘qituvchisining umumiy maoshidan ko‘proq. Xuddi shu miqdordagi daromadni AQShdagi 3,2 million kassir bir yil davomida yig‘adi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Maskning $1 trillionlik mukofoti Tesla aksiyadorlari tomonidan ma’qullangani haqida yozgandi.